Tumor

#Ibrat_bekati

Ishlari kundan-kun ortga qarab ketavergan Mansur bugun borishga hech ko‘ngli tortmayotgan domlaning oldiga xotinining qistovlari ila ertalabdan yo‘l oldi. Boshida xotinining gapirgan gaplari aylanaverdi: «O‘qitishimiz kerak».

Domlaning oldiga kirishga navbat kutib turarkan, kun peshinga bordi. Va nihoyat, gali kelib xonaga bo‘sh qo‘llari bilan kirdi-yu, bir dunyo bozorlik ro‘yhati yozilgan qog‘oz bilan qaytib chiqdi. Turnaqator mashinalardan o‘tib, o‘zining mashinasi oldiga yaqinlashar yekan domlaning gaplarini esladi: «Siz shularni olib keling. Kechqurun kelsangiz, tumor yasab beraman. Hammasi yaxshi bo‘ladi…»

Shaharning eng oldi Supermarketlaridan biriga kirib bozorlik qila boshladi. Saryog‘ sotib olayotganida ko‘zi qaymoqqa tushdi. Onasi qaymoqni yaxshi ko‘rardi-ya! Ko‘rmaganiga ham bir oydan oshibdi. Mansur hammasini tashladi. Qaymoq va issiq non sotib oldi-yu, onasining oldiga jo‘nadi…

Onasining duolarini olib, bolalik uyidan kayfiyati a’lo bo‘lib chiqdi. O‘sha kuni qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qildi…!

Ertasi kuni ertalab erining kayfiyatini a’lo holda ko‘rgan Nasiba sekin gap boshladi

– Nima degandim sizga! Domlaning nafasi o‘tkir! Tumor ta’sir qilishni boshladi!

– To‘g‘ri aytasan, men tumorimni topdim. Biroz kechrog‘-u, asosiysi topdim!

Nasiba hech narsaga tushunmadi.

Mansur… Mansur yesa allaqachon issiq non hidi tutib ketgan mashinasini «Tumor»i tomon yeldirib borardi…

Ruqayya Yusufiy

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan