1-WordPress dars: WordPress haqida umumiy ma’lumot va bungacha nimalarni bilish kerakligi
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, CMS saytlarining asosiy qismini WordPress tashkil qilar ekan(Manba: 4 saytdan bittasi WordPress’da). Shu statistika va foydalanuvchilarning taklifiga ko’ra WordPress darslarini boshlaymiz.
WordPress bu — kontentlarni boshqarish tizimi hisoblanib(CMS), PHP dasturlash tilida tuzilgan, qo’shimchasiga CSS stillari, JS kodlari, HTML teglari ham ishlatilgan. Bu CMS asosan blog saytlar tuzish uchun ishlatiladi, lekin hozirgi kunda istalgan murakkablikdagi saytlarni ham tuzish mumkin.
WordPress tizimi tez-tez yangilanib turadi va har bir yangilanish ma’lum bir qo’shimcha funksiyalar yaratilishiga sabab bo’ladi, undan tashqari xatoliklar ham to’g’irlanadi.
Bu CMS’ning yaxshi tomoni shundaki, admin paneli juda qulay va tushunarlidir. Biroz til (rus yoki ingliz tili)ni bilgan holda o’zingiz titkilab o’rganib olishingiz ham mumkin.
WordPress’da sayt qilish uchun biror shablon tanlanadi va shu shablon asosida sayt tuziladi, shablonlar topish muammo emas, chunki bu CMS shablonlari juda ko’p va rang barangdir.
Shablonlar ham 2 xil bo’ladi, pullik va bepul. Agar qandaydir murakkab sayt yoki daromadli sayt qilmoqchi bo’lsangiz, albatta pullik shablonni tanlashingiz maqsadga muvofiq bo’ladi, chunki pullik shablonlarni ishlatkaningizda, qandaydir muammoga uchrasangiz, shablon tuzuvchilari sizga bu muammoni yechib beriashadi, ya’ni qo’llab quvvatlash hizmati mavjud.
Hozirda shablonlar moslashuvchanlik(responsive) hususiyatiga ega, ya’ni istalgan o’lchamli ekranlarga moslashib ketaveradi, xar hil ekranlar uchun alohida sayt qilmaysiz.
Shablonlar funksiyasini oshirish uchun plaginlar ishlatiladi, plaginlar sayt strukturasini o’zgartirmagan holda, qo’shimcha hizmatlarni qo’shishi mumkin. Plaginlar soni ham juda ko’p bo’lib, ular ham borgan sari yangilanib boradi. WordPress versiyasi yangilanganda, plaginlar ham shu asosida yangilanadi, ya’ni moslashtiriladi.
Shablon va plaginlar bu CMS’ning asosi hisoblanishadi, har doim WordPress, shablon va plaginlarni yengilab borish lozim(bu haqida admin panelda ma’lumot berib boriladi), bu xavfsizlik darajasini oshishiga olib keladi. O’zimda bo’lgan holat, WordPress’ni eski versiyasini ishlatib, sayt buzilishiga sababchi bo’lganman.
WordPress’ni o’rganishdan oldin quyidagilarni bilishingiz lozim:
— CMS haqida;
— Web server;
— MySQL(boshlang’ich malumotlar: nima bu, jadval, ustun, tip, …);
— WAMP(Denwer yoki OpenServer);
— HTML teglari, CSS stillari(asosi yetarli bo’ladi);
— arxiv fayllar hosil qilish va ularni ochish(WinRar);
— Total Commander bilan ishlash(iloji boricha);
Yuqoridagilarni birortasi haqida umuman hech narsa bilmasangiz, sizga qiyinroq bo’ladi, shuning uchun, dastlab, bu tushunchalar nima ekanligi haqida umumiy ma’lumotga ega bo’ling, nazariy jihatdan bo’lsa ham.
Bu dars, WordPress haqida umumiy tushuncha edi, keyingi darslardan boshlab amaliy ishlar qilishni boshlaymiz.
2-WordPress dars: WordPress CMS’ni o’rnatish(rasmlar asosida)
WordPress CMS’ni o’rnatishni boshlaymiz, dastlab WordPress CMS’ni internetdan ko’chirib olishimiz kerak, albatta o’zining saytidan. Boshqa saytlardan ko’chirishni tavsiya qilmayman, balki ular to’liqmasdur yoki xato bilan ishlar, hech kim kafolat bermaydi. Demak, wordpress saytiga kiramiz va o’ng tomondagi «Скачать WordPress 4.3.1» tugmasini bosamiz (dars yozilayotgan paytda oxirgi versiya aynan «4.3.1» edi).
Ikki xil versiyada ko’chirib olishingiz mumkin, biri Windows tizimi uchun «.zip» fayli va ikkinchisi Linux tizimi uchun «.tar.gz» fayli, bizga «.zip» ko’rinishi kerak.
Undan so’ng, sayt uchun papka ochamiz, bu papka denwer o’rnatilgan papka ichida bo’lishi kerak, to’g’rirog’i quyidagi adresda(Denwer D:\Webserver papkasiga o’rnatilgan deb olamiz, agar denwer o’rnatmagan bo’lsangiz, Denwer’ni o’rnatish darsini o’qib, o’rnatib oling):
D:\Webserver\home\
Bu papka ichida «test.uz» deb papka ochamiz va ichida yana «www» papkasini ochamiz, shunda quyidagi ko’rinishda bo’ladi:
D:\Webserver\home\test.uz\www
Undan so’ng bu papka ichiga WordPress CMS’ni ko’chiramiz va arxivdan ochamiz, buning uchun bizga Winrar kerak bo’ladi. Ko’chirib olingan WordPress faylini ustiga sichqonchani o’ng tomonini bosib «Извлечь в текущую папку«ni tanlaymiz(agar bu menyu chiqmasa, demak siz Winrar dasturini o’rnatmagansiz). Shundan so’ng, wordpress-4.3.1_Ru.zip fayli ochiladi, fayllar «wordpress» nomli papka ichida ochiladi. Bu bizga to’g’ri kelmaydi, shuning uchun bu papka ichidagi barcha fayllarni olib, «www» papkasi ichiga tashlaymiz, shunda quyidagi ko’rinishga keladi.
D:\Webserver\home\test.uz\www\wp-admin…
Barcha wordpress fayllari aynan «www» ichida bo’lishi kerak
Endi denwer’ni yoqamiz, uning uchun Denwer papkasi ichidan «Run.exe» faylini ishga tushiramiz. Bu fayl quyidagi adresda bo’ladi:
D:\Webserver\denwer\Run.exe
Agar bu ishni qanday qilishni bilmasangiz, Denwer’ni yoqib o’chirishga oid dars bilan tanishib chiqing.
Denwer ishga tushgandan so’ng, MySQL MBBT(ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimi)da ma’lumotlar bazasi va foydalanuvchi hosil qilishimiz kerak. Bu ishni qanday qilish kerakligini ham yozib o’tganman, agar bilmasangiz «PHPMyAdmin’da baza va foydalanuvchi ochish» nomli darsni qayta o’qib chiqing.
Demak, ma’lumotlar bazasi nomi «test«, foydalanuvchi nomi va paroli bir xil «123456» ko’rinishida bo’lsin.
Darsning davomini o’qish uchun, yuqoridagi ikki ishni to’g’ri qilganingizga va xatosiz bo’lganiga ishoch hosil qiling.
Endi WordPress’ni o’rnatamiz, uning uchun biror brauzer ochib(misol uchun Chrome), adresiga «test.uz» deb yozamiz, quyidagi ko’rinishni brauzer ochib berishi kerak.
«Вперёд!» tugmasini bosamiz va quyidagilarni to’ldiramiz:
Имя базы данных: test
Имя пользователя: 123456
Пароль: 123456
Сервер базы данных: localhost
Префикс таблиц: wp_
«Оптравить» bosiladi.
Agar hammasini to’g’ri kiritgan bo’lsangiz, quyidagi sahifa chiqadi va siz bemalol «Запустить установку» tugmasini bosishingiz mumkin bo’ladi.
Keyingi sahifada ham bir necha ma’lumotlar kiritilish talab etiladi:
Название сайта: O’rganish uchun test.uz deb nomlangan sayt tuzamiz
Имя пользователя: admin
Пароль: admin
Подтвердите пароль: Belgilanadi
Ваш e-mail: o’zingizning e-mail adres
Oxirida «Установить WordPress» tugmasi bosiladi.
Agar hammasi to’g’ri qilingan bo’lsa, quyidagi sahifa chiqadi va siz WordPress CMS’ni xatosiz o’rnatgan bo’lasiz.
Hozircha shu, keyingi darslarda bu CMS’ni sozlashni ko’rsatib o’taman.
3-WordPress dars: Asosiy katalog va fayllar haqida
WordPress darslarini davom ettiramiz, hozirgacha biz bu CMS’ni o’rnatishni ko’rdik. Biz hosil qilgan test.uz sayti tayyor, shu holda ham bu saytni yuritish mumkin. Agar «test.uz» qayerdan paydo bo’lganini bilmasangiz, oldingi darslar bilan tanishib chiqing.
Saytni tekshiramiz, dastlab Denwer’ni ishga tushiramiz va biror brauzerni ochib u yerga «test.uz» deb yozamiz. Ekraningizda biz hosil qilgan sayt paydo bo’ladi:
Ko’rib turganingizdek, sayt mavjud, faqat biroz oddiyroq. WordPress orqali bu oddiy ko’rinishdagi saytni juda chiroyli va qulay qilish mumkin, bu haqida keyinroq.
WordPress o’rnatilgandan keyin, bu CMS tomonidan har xil papka va fayllar hosil bo’ladi, bu darsizmiz, shu papkalarni qisqa tavsifidan iborat bo’ladi, demak WordPress’ni o’rnatganingizdan so’ng, biz ochgan test.uz papkasi ichidagi www papkasida quyidagi fayl va papkalar bo’ladi(asosiylarini yozaman):
wp-admin
wp-content
wp-includes
.htaccess
index.php
wp-config.php
Bulardan tashqari yana «wp» deb boshlanadigan bir qancha fayllar bo’ladi, bular hozircha bizga kerak emas. Yuqoridagilar bilan tanishamiz:
wp-admin — bu papkada sayt admin paneli fayllari joylashadi. Har bir saytning(CMS bo’lmagan saytlarda ham) o’z admin paneli bo’ladi, bu orqali sayt boshqariladi. WordPress CMS’da ham admin panel bo’lib, bu panel ko’rinishi va boshqarilishini hosil qilgan fayllar shu katalogda saqlanadi. Admin panel haqida keyingi darslarda yozib o’taman. Qisqa qilib ayitshim mumkinki, admin panel ham bir kichik sayt ko’rinishida bo’lib, to’liq sayt, hattoki, ma’lumotlar bazasi ham shu panel orqali boshqarilishi mumkin. Bu katalogni ichini o’zgartirish tavsiya qilinmaydi.
wp-content — saytning asosiy katalogi, bu katalogda saytga tegishli barcha fayllar, shablonlar, plaginlar, mediafayllar(rasm, video) saqlanadi. Bu katalog ichida quyidagi asosiy kataloglar mavjud:
languages — CMS WordPress tili(rus tili, ingliz tili, …);
plugins — sayt plaginlari saqlanadi;
themes — sayt shablonlari uchun joy.
wp-includes — bu yerda tizim fayllari saqlanadi, ya’ni WordPress yadrosi. Bu papkani o’zgartirish umuman mumkin emas, Windows tizimidagi system32 papkasini o’zi. Bu yerdagi fayllarni o’zgartirish WordPress’ni ishdan chiqaradi.
.htaccess — bu fayl orqali Apache web serverini boshqarish mumkin. Bundan asosan IP adreslarni filtrlash, sahifalarni boshqarish(kimga mumkin, kimga mumkin emas), yo’naltirishlarni(redirect 301) amalga oshirish maqsadida foydalanish mumkin.
index.php — asosiy sahifa, saytga murojaat qilinganda, birinchi shu fayl ishga tushadi va shablonga havola qiladi.
wp-config.php — asosiy sozlovchi fayl, ma’lumotlar bazasi bilan bog’lanishni sozlash, CMS darajasidagi har xil global o’zgaruvchilarga qiymat berish mumkin.
Umuman olib qaraganda, sizga faqat wp-config.php fayli va wp-content papkasi kerak bo’ladi, qolgan fayl va papkalarga umuman tegmasangiz ham bo’ladi. Umumiy CMS’ni yangilayotkanda(update) bu papkalar ham yangilanadi, lekin sizning fayllaringiz, ya’ni wp-content ichidagi fayllar o’zgarmaydi.
4-WordPress dars: WordPress saytlarining tuzilish sxemasi
WordPress katalog va fayllari haqida biroz bo’lsa ham tasavvurga ega bo’ldingiz deb o’ylab, darslarni davom ettiraman. Bu CMS’dagi har bir sayt ma’lum bir shablonga asosalangan holda tayyorlanadi. Boshqa CMS shablonlari WordPress’ga tushmaydi(hozircha), chunki u shablonlarning strukturasi, WordPress shablonlari strukturasiga mos kelmaydi.
Yuqoridagi fikr bilan nima demoqchiman? Har bir WordPress shablonlari ma’lum bir o’zgarmaydigan strukturaga ega bo’ladi. Shablonda ba’zi bir fayllar bo’lib, bu fayllar asosida sayt tuziladi.
Bu darsizmida, barcha WordPress shablonlarida umumiy bo’lgan fayllar, ya’ni shablon strukturasi haqida gaplashamiz.
WordPress o’rantganingizdan so’ng, sizga «twentyfifteen» nomli shablonli sayt taqdim etiladi. Buni qayerdan bilish mumkin, denwer’ni ishga tushirasiz va brauzerga «test.uz» deb yozasiz va hosil bo’lgan sahifani HTML kodini ko’rasiz(CTRL+U bosiladi), shu kod ichida «..theme/ twentyfifteen» yozuvlar bo’ladi, shu nom shablon(theme) nomi bo’ladi. Bu shablon quyidagi adresda joylashgan bo’ladi:
../home/test.uz/www/wp-content/themes/ twentyfifteen
WordPress’ga o’rnatiladigan barcha shablonlar aynan shu papkaga joylashadi.
Bu va barcha boshqa shablonlarda quyidagi asosiy fayllar mavjud:
archive.php — arxiv maqolalar saqlanadigan sahifa fayl;
comments.php — kommentariyaga javob beradigan fayl;
footer.php — saytning quyi qismi uchun javob beradigan fayl;
function.php — saytga tegishli barcha funksiyalar saqlanadigan fayl;
header.php — saytning yuqori qismiga javob beradigan fayl;
index.php — birinchi yuklanadigan fayl, asosiy fayl;
page.php — maqolalarni umumiy sahifada ko’rsatadigan fayl, bir nechta maqolalarni bitta sahifada ko’rishda bu fayl ishlatiladi;
sidebar.php — saytning biror tomoni(o’ng, chap)ni hosil qiladigan fayl;
single.php — bitta maqolani ko’rsatishda ishlatiladigan fayl, ya’ni maqolani to’liq ko’rganda;
style.css — sayt stillari saqlanadigan fayl;
search.php — qidirsh natijalari sahifasi uchun fayl;
404.php — sahifa toplmaganda, shu fayl ishlaydi.
Yuqoridagi fayllar barcha shablonlarda mavjud bo’lib, faqat ichidagi kodlari o’zgarishi mumkin, asos bir xil.
Umumiy rasmda ko’radigan bo’lsak:
Shablonlar qanday tuzilganini bilish zarur, agar bilmasangiz, biror muammo bo’lib qolsa, aynan qaysi faylni o’zgartirish kerakligini topaolmaysiz
5-WordPress dars: Admin panelga kirish va uning asosiy menyulari
WordPress CMS’ning admin paneli haqida yozib o’taman, oldingi maqolada aytib o’tganimdek, har bir saytning admin paneli bo’lishi kerak, bu admin panel orqali sayt kodlarsiz boshqariladi, bu klient uchun qulaydir. Klient kodlarni tushunmaydi, shuning uchun ular uchun grafikali admin panel bo’lishi lozim. WordPress’da admin panel juda qulay va tushunarli qilib tuzilgan, dasturlashni bilmasdan ham bu CMS’da tuzilgan saytni boshqarishingiz(maqolalar qo’shishingiz, kommentariyalarni nazorat qilishingiz va boshqalar) mumkin.
WordPress admin paneliga kirish uchun, dastlab denwer’ni ishga tushiramiz va brauzerga sayt_nomi/wp-admin adresini kiritamiz misol uchun: test.uz/wp-admin. Undan so’ng hosil bo’lgan sahifaga sayt ochayotkanda kiritgan login va parolni yozamiz, «Войти» tugmasini bosamiz.
Ekranda quyidagi admin panel hosil bo’ladi:
Shu panel orqali butun sayt(test.uz) boshqariladi. Asosiy menyular chap tomonda joylashadi, o’ng tomonda(asosiy oynada) esa menyuga oid sahifalar hosil bo’ladi. Admin panelda quyidagi menyu bo’limlari mavjud:
Консоль(главная) — WordPress’ning bosh menyusi, bu yerda boshqa menyudagi o’zgarishlar berib boriladi va yangiliklar ham;
— Обновления — WordPress, shablon yoki plaginlarni yangi versiyasi haqida ma’lumot beradi.
Записи(все записи) — kiritilgan barcha maqolalar ro’yhati;
— добавить новую — yangi maqola qo’shish;
— рубрики — bo’limlar haqida ma’lumot va ular ustida amallar(qo’shish, o’chirish, o’zgartirish);
— метки — teglar haqida ma’lumot va ular ustida amallar(qo’shish, o’chirish, o’zgartirish).
Медиафайлы(библиотека) — media(rasm, video, musiqa) fayllar;
— добавить новый — yangi mediya fayl qo’shish.
Страницы(все страницы) — saytning barcha sahifalarini boshqarish;
— добавить новую — yangi sahifa qo’shish.
Комментарии — saytdagi barcha maqolalarga berilgan izohlar haqida va ular ustida amallar(qo’shish, o’chirish, o’zgartirish).
Внешний вид(темы) — saytning tashqi ko’rinishi, shablonlar ro’yhati;
— настроить — shablonlarni sozlash.
— Виджеты — vidjet(biror ish bajaruvchi tayyor menyular)larni boshqarish;
— меню — sayt menyularini boshqarish;
— заголовок — sarlavhalarni boshqarish;
— фон — sayt fonini boshqarish;
— редактор — shablonlarni kod orqali o’zgartirish.
Плагины(установленные) — plaginlarni boshqarish;
— добавить новый — yangi plaign qo’shish;
— редактор — plaginlarni kod orqlai o’zgartirish.
Пользователи(все пользователи) — sayt foydalanuvchilarini boshqarish;
— добавить нового — yangi sayt foydalanuvchisi qo’shish.
Ваш профиль(все инструменты) — tashqi manbalar bilan ishlash;
— импорт — boshqa manbalar(WordPress, Blogger, LiveJournal, Movable Type, TypePad, RSS)dan ko’chirib olish(import);
— экспорт — boshqa manbalarga WordPress’dagi kontentlarni ko’chirish(export)
Настройки(общие) — umumiy(birlamchi) sozlashlar;
— написание — yozishma(maqolalar, xatlar)larni sozlash;
— чтение — maqolani sahifalarda ko’rinishi(asosiy sahifada nechta maqola ko’rinsin, RSS,…)ni sozlash;
— обсуждение — kommentariya va avatarlarni sozlash;
— медиафайлы — mediafayl o’lchamlarini sozlash;
— постоянные ссылки — saytdagi havola(link)larni sozlash.
Свернуть меню — menyularni berkitish.
Bu WordPress admin panelining barcha menyulari, plagin yoki temalar qo’shilganda menyular ham oshib boradi, qolgan menyular aynan ma’lum bir plagin yoki tema uchun bo’ladi, yuqoridagilar WordPress CMS’ning doimiy menyulari.
6-WordPress dars: WordPress o’rnatilgandan so’ng, birinchi sozlash ishlari
WordPress CMS’ni o’rnatib bolgandan so’ng, darhol ma’lum bir qismlarni sozlab olish kerak. Bu sozlashlarni keyinroqqa qoldirsangiz, keyinchalik biroz tushunmovchilik yoki xatolik yuzaga kelishi mumkin.
Denwer’ni ishga tushiramiz va admin panelga kiramiz, misol uchun site.uz/wp-admin.
So’ng, chap tomondagi menyular qatorida «Настройки» menyusini topamiz va kiramiz, bu yerda saytning asosiy sozlashlarini amlaga oshirish mumkin.
Quyida e’tibor berish kerak bo’lgan sozlashlarni ko’rsataman, qolganlarini o’zingiz bemalol to’ldirishingiz mumkin:
Настройки -> Общие
Адрес e-mail — administrator e-mail adresi, sayt bilan bog’liq barcha o’zgarishlar siz ko’rsatgan adresga yuboriladi, demak shaxsiy elektron pochta adresini kiritamiz.
Часовой пояс — vaqt kegligini aniqlaymiz, bizda UTC+5.
Формат даты — kunlarni qanday tipda chiqishini belgilaymiz, bu ko’rinish maqolalarni yonida ham chiqadi, quyidagicha manimcha chiroyli bo’ladi: d/m/y, ya’ni 05/12/2015.
umumiy ko’rinish shunday bo’lgani ma’qul.
Настройки -> Постоянные ссылки
Общие настройки — bu eng muhim sozlash hisoblanadi, ya’ni URL ko’rinishini sozlash. Agar buni sayt internetga quyilishidan keyin sozlasangiz, ancha muammolarga duch kelishingiz mumkin.
Bu sozlashni ЧПУ ham deyishadi, ya’ni » Человеко-понятный урл«. Misol uchun biror saytdagi maqolaga kirsangiz uning adresi
http://test.uz/?p=12s=14
ko’rinishida bo’lsa, adresga qarab bu maqola nima haqida ekanligini bilaolmaysiz, «?p=12s=14«dan nimani ham bilish mumkin, bu foydalanuvchilar uchun noqulay, ham qidiruv tizimlari(google, yandex) bunday URL’lar bilan yaxshi chiqisha olmaydi. Bu degani, qidiruv tizimlarining, sizning saytni indekslash jarayoni(google bazasiga sizning sayt tushish ehtimoli) sekinlashadi deganidir.
Agar siz kirgan maqola, quyidagi ko’rinishda bo’lsa:
http://test.uz/CMS/wordpressni-ornatish-haqida
siz URL adresdan gap nima haqida borishini bilib olishingiz mumkin, bu qulay, tushunarli va chiroyli hamdir.
Bu oynada aynan shu URL ko’rinishi sozlanadi, WordPress o’zi sizga taklif qilgan URL adresi, bizdagi birinchi hol ko’rinishidir, ya’ni «/?p=123«, bizga bu kerak emas, undan tashqari quyida boshqa ko’rinishlar ham bor, biz bu yerga o’zimiz URL qanday chiqishini ko’rsatamiz. Buning uchun «произвольно» bandiga o’tib, quyidagini yozamiz:
/%category%/%postname%/
Bu degani, dastlab bo’lim nomi keyin maqola nomi chiqsin deganidir, bu chiqishga misollar keltiraman:
http://test.uz/CMS/wordpressni-haqida
http://test.uz/Internet/github-nima
http://test.uz/dasturlash/web/php/massivlar-haqida
mavzu nomidagi probel o’rniga chiziq qilib ketadi, bu ko’rinish hamma uchun ma’qul bo’lsa kerak.
Agar mavzu nomlari kiril harflaridan iborat bo’lsa, bu yerda biroz muammo bo’lishi mumkin, buni yo’li ham bor, buning uchun plagin qo’yish kerak, bu haqida keyingi darslarimizda aytib o’taman.
Dastlab bajariladigan asosiy sozlashlar shulardan iborat, lekin bu bilan ish bitmaydi, hali qilinadigan ishlar juda ko’p.
7-WordPress dars: WP’da ishlatiladigan asosiy terminlar
WordPress darslarini davom ettiramiz, bu darsimiz ham oldingilaridan qolishmagan holda nazariy tarzda bo’ladi, ya’ni WordPress CMS’da ko’p uchraydigan terminlar(so’zlar, kalit so’zlar,..)ni tushuntirib o’taman. Bularni albatta bilib olish lozim, unchalik qiyin emas, tarjimasini bilib olsangiz hech qanday muammoga duch kelmaysiz.
Записи(posts) — ma’lum bir turdagi yozuvlar(maqolalar), matn ko’rinishida, rasm ko’rinishida, video ko’rinishida va xakazo. Yangiliklar sayti bo’lsa, bu bo’limda yangilik matnini kiritasiz, sayt blog ko’rinishida bo’lsa, blogpost kiritasiz, video portal bo’lsa, video’larni kiritasiz, xullas sayt kontenti shu joyda kiritiladi, odatda «post» deb yuritilaveradi.
Рубрики(categories) — bo’limlar, saytdagi barcha bo’lim nomlari, boshqacharoq aytganda, bo’limlar mavzularni qismlarga ajratib beradi, bitta bo’limda bir necha maqolalalar bo’lishi mumkin, lessons.itportal.uz saytida bo’limlar quyidagilardan iborat: HTMl, CSS, JavaScript,…
Метки(tags) — belgilar(kalit so’zlar), postlar kalit so’zlar orqali tartiblanadi va ularni topish yengillashadi. Bitta postga bir necha belgilarni bog’lash mumkin, ushbu saytdagi belgilar:
Медиафайлы(media) — mediaga oid barcha fayllar kiradi, ya’ni rasmlar, audio, video fayllar. Saytda bu tipdagi fayllar bir nechta bo’lishi mumkin. WordPress’da bularni boshqarish shu nomdagi menyuga topshirilgan.
Миниатюры(thumbnails) — mediafayllarning bir qismi, ya’ni rasmlardir. WordPress’da bitta rasm bir necha o’lchamda saqlanadi, sababi ular har xil joylarda, har xil o’lchamlarda ishlatiladi, misol uchun post’dagi rasm, widjetda ham ishlatilishi mumkin, faqat kichikroq o’lchamda.
Страницы(pages) — sahifalar, sahifalar sifatida bog’lanish formalari, sayt haqida, muallif haqida, FAQ kabilar bo’lishi mumkin.
Темы(themes) — tema, shablon, qolib desa ham bo’ladi. Saytning asosiy strukturasi, menyular, postlar, vidjetlar qayerda, qay holda chiqishini o’rnatgan shablonlar aniqlab beradi(o’zgartish mumkin, lekin biroz dasturlashdan habaringiz bo’lishi kerak). Shablonlarni asosan https://wordpress.org/themes/ adresidan olishingiz mumkin, lekin bundan boshqa shablon ko’chirib olishingiz mumkin bo’lgan saytlar ham bor(bular haqida keyingi darslarimizda).
Плагины(plugins) — plaginlar, saytni u yoki bu qismiga qo’shimcha imkoniyatlarni qo’shadigan kichik scriptlar majmuasi. Plaginlarni ko’p ishlatish sayt ishlashini sezilarli sekinlashtiradi. Plaginlar umumiy holda(ko’p shablonlarga mos tushishligi uchun) yoziladi va ortiqcha kodlar ham mavjud bo’ladi. Shuning uchun saytga biror imkoniyat qo’shmoqchi bo’lsangiz, darhol plagin qidirishga shoshilmang, balki bu imkoniyatni o’zingiz kod orqali qilishga harakat qiling. Plaginlarni ko’p qismi https://wordpress.org/plugins/ adresida bo’ladi.
Виджеты(widgets) — axborot beruvchi biror blok. Bu blok asosan saytning o’ng yoki chap qismida bo’ladi, lekin hozirda saytning pastki qismlarida ham vidjetlarni ishlatish modaga aylangan. Vidjetlarda oxirgi qo’shilgan postlar, ko’p izoh yozilgan postlar, ijtimoiy tarmoqqa oid ma’lumotlar(guruhlar, do’stlar, ..), obuna bo’lish formalari va boshqa ko’plab axborotlarni berishi mumkin, ushbu saytdagi vidjetlar:
Комментарии(comments) -postlarga yozilgan izohlar, odatda postlarning oxirida berib boriladi, WordPress’da bu termin uchun alohida menyu mavjud bo’lib, u yerda sayt administratori izohlarni boshqarishi (o’chirish, o’zgartirish, qo’shish) mumkin bo’ladi. Izohlar uchun alohida forma bo’lib, postning quyida joylashadi.
Профиль(profile) — foydalanuvchi haqida ma’lumot beradigan tushuncha. WordPress’da, bu termin foydalanuvchi nomi, uning e-mail adresi, darajasi(administrator, yozuvchi, to’g’irlovchi) kabi boshqa malumotlarni ham berishi mumkin.
8-WordPress dars: Temalar haqida tushuncha va ularning turlari
Sayt asosi va strukturasi ma’lum bir qolipga asoslangan bo’ladi, odatda Worpdress’da qolib tushunchasi o’rniga Tema(Theme) ishlatiladi, Joomlada esa Shablon. Shunday ekan, biz darslarimizda qolib so’zini Tema deb yuritamiz.
WordPress CMS’da temalar har xil ko’rinishga ega bo’ladi, siz ulardan birini tanlab hosil qilayotgan saytingizga o’rnatasiz va sizning sayt shu tema asosida ishlaydi.
Temalar, ustun bo’yicha tuzilishiga ko’ra, asosan quyidagi ko’rinishlarda bo’lishi mumkin:
— 1 ta ustunli(One page);
— 2 ta ustunli;
— 3 ta ustunli;
va boshqalar.
Menyular joylashishi bo’yicha:
— 2 tomonda(chap va o’ng);
— quyi qismida;
— faqat chap tomonda;
— faqat o’ng tomonda;
Sayt turlari bo’yicha(Sayt turlari haqida):
— Internet do’kon;
— blog;
— portal va boshqalar.
Mavzular bo’yicha:
— Biznes;
— IT;
— ta’lim;
— musiqa;
— o’yin va boshqalar.
Moliyaviy tomondan:
— pullik temalar(Premium), bu turdagi temalarni quyidagi saytlardan olishingiz mumkin:
* http://themeforest.net/
* http://www.elegantthemes.com/
* https://www.woothemes.com/
* http://www.goodwinpress.ru/vse-shablony-dlya-wordpress/
* http://styledthemes.com/ va boshqalar.
— bepul temalar(Free), bu turdagi temalarni quyidagi saytlardan ko’chirib olishingiz mumkin:
* https://wordpress.org/themes/browse/new/
* https://mythemeshop.com/theme-category/free-wordpress-themes/
* http://www.s5themes.com/themes/
* https://siteorigin.com/
* https://wpmag.ru/
* http://themehybrid.com/themes
* http://wp-templates.ru/ va boshqalar.
Pullik temalarni ham bepulga topishingiz mumkin, lekin to’liq ishlatishga qiynalasiz yoki ko’chirib olgan temangizda virus bo’ladi(bu tajribadan o’tgan). Katta hajmdagi loyihalarni qilishda albatta pullik temalarni tanlash lozim, sababi:
— pullik temalarda support(qo’llab quvvatlash) mavjud bo’ladi;
— tema ichida, siz uchun qo’shimcha xizmatlar qilib berishligi mumkin;
— tema kodlari ichida ortiqcha(мусор) kodlar kam bo’ladi;
— temani ishlatish bo’yicha qo’llanma taqdim etiladi;
— tema bo’yicha yangilanishlar(Update) berib boriladi;
— yangilanishlar chiqarishda sizning fikrlaringiz ham inobatga olinadi va boshqa qulayliklarga ega.
Moslashuvchanlik bo’yicha:
— Responsive — barcha o’lchamdagi ekranlar uchun moslashuvchan temalar;
— no responsive — o’zgarmas temalar, kichik ekranlarda ham sayt o’z o’lchamini o’zgartirmaydi va brauzerdagi yurgizgich orqali sayt to’liq ko’riladi, hozirda bunday temalarga talab kamayib ketmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari yana ranglar bo’yicha(asosan qora rangli temalar, ko’k rangli temalar), tillar bo’yicha(rus tilidagi temalar, ingliz tilidagi temalar) va shunga o’xhash boshqa kriteriyalar bo’yicha ham temalarni qidirib topishingiz mumkin.
Bular WordPress temalari haqida umumiy tushuncha edi, bu bo’linishlarni bilgan holda Google orqali temalarni topish yengillashadi va vaqt sarfi ham kamayadi.
Google qidiruv tizimida, mana bunday qidiruv so’rovini berishingiz mumkin.
Download Free WordPress theme responsive for IT blog
Temalarni ko’chirib olganingizdan so’ng, albatta(!) virusga tekshirib oling.
9-WordPress dars: Tema(Shablon)larni o’rnatish usullari
WordPress asosi bo’lgan temalar haqida, oldingi darsda boshlagan edik, endi shu temalarni o’rnatishni ko’rsatib beraman. Agar temalar haqida ma’lumotga ega bo’lmasangiz, Temalar haqida tushuncha va ularning turlaria nomli darsimizni o’qib chiqing.
WordPress’da tema o’rnatishni bir necha usullari bor, ularni birma bir ko’rsatib o’taman.
1. Admin panel orqali internetdan to’g’ridan-to’g’ri ko’chirgan holda. Uning uchun admin panelga kiramiz va temalar bilan ishlovchi menyuni ochamiz:
«Внешний вид» -> «Темы»
Ochilgan oynaning yuqori qismidagi «Добавить новую» yozuvini bosamiz va kerakli tema nomini kiritib qidiramiz yoki taklif qilingan filter orqali tema kriteriyalarini aniqlashtirib qidiramiz.
Shundan so’ng, siz bergan filter yoki nomni qanoatlantiruvchi temalar chiqadi, shulardan kerakligini tanlaymiz va «Установить» tugmasini bosamiz.
Bu tema o’rnatishni bir yo’li, lekin men hech qachon bunday o’rnatmaganman, sababi bunday qidirib o’rnatishda, asosan standart temalar chiqadi, chunki qidiruv, worpdress saytidan qidiriladi, noananaviy temalar chiqmaydi.
Endi tema o’rnatishni keyingi yo’lini ko’rsataman.
2. Temani google orqali qidirib kompyuterga ko’chirib olib o’rnatish. Bu usuldan ko’pchilik foydalansa kerak. Demak, google orqali kerakli temani topamiz, qidirishda qanday so’zlardan foydalanish kerakligi haqida oldingi darsda yozib o’tganman, misol uchun:
WordPress theme free
WordPress theme for blog
One Page WordPress theme
Temalar odatda .zip formatida bo’ladi. Demak, tema topdingiz, uni internetdan ko’chirib oldingiz, endi shu .zip faylli temani quyidagi katalogga ko’chiramiz(denwer misolida):
site_nomi\www\wp-content\themes\
Saytingiz ichiga o’rnatilgan WordPress CMS’ni, wp-content\themes katalogiga.
Shundan so’ng, .zip temani arxivdan chiqaramiz, bunda bizga Winrar dasturi kerak bo’ladi, shu .zip formatga sichqonchani o’ng tugmasini bosib, «Извлечь в текущую папку» menyusini tanlaymiz, shunda .zip faylli tema, papka ko’rinishida bo’lib qoladi, shu papka ichida siz tanlagan tema fayllari joylashgan.
Temani tayyorlab oldik, endi saytning admin panliga o’tamiz va tema menyusi ichiga kiramiz(«Внешний вид» -> «Темы»).
Ko’rib turganingizdek, temalar ichida siz ko’chirib olgan temangiz ham paydo bo’ldi, uni aktivlashtirish qoldi holos. Demak, siz tanlagan temani ustiga borib «Активировать» tugmasini bosamiz, biroz kutamiz va tema o’rnatiladi.
Shu yo’llar bilan istalgan WordPress temasini o’rnatishingiz mumkin. Ba’zi temalar o’rnatilishda, muammo tug’dirishi mumkin, buning sabablari:
— tema to’liq emas;
— internetdan tema to’liq ko’chirib olinmagan;
— tema ichida virus mavjud;
— tema WordPress versiyasiga mos tushmagan.
Temalar bo’yicha shu, savollar bo’lsa, ask.itportal.uz saytiga yozing.
10-WordPress dars: Plagin tushunchasi va barcha turdagi saytlar uchun kerakli plaginlar ro’yhati
WordPress’da temalar haqida to’liq ma’lumotga ega bo’ldik, endi keyingi qadamni tashlaymiz, ya’ni plaginlar haqida gaplashamiz. Plaginlar nafaqat WordPress’da, balki boshqa CMS va dasturlarda ham ishlatiladi, lekin boshqa nom bilan, misol uchun:
Joomla -> «Расширения«
WordPress -> «Плагин«
Chrome -> «Расширения«
Mozilla -> «Дополнения«
Ko’rib turganingizdek, hattoki brauzerlarda ham bu tushuncha bor. Endi unga ta’rif beramiz.
WordPress plagin bu — WordPress CMS’da qilingan sayt imkoniyatlarini oshiruvchi, qo’shimcha xizmatlar hosil qiluvchi, saytni mukammalashtiruvchi script’lar yig’indisi yoki fayllardan tashkil topgan modul desa ham bo’ladi.
Saytlarni plaginlarsiz ham ishlatish, plaginlar bajaradigan vazifalarni qo’lda(kod yordamida) qilish ham mumkin, lekin bunga vaqt, bilim kerak bo’ladi. Plaginlarni afzalliklari:
— barcha vazifalar uchun plaginlar mavjud;
— ularni boshqarish va sozlash qulay;
— dasturlash tillarini bilish shart emas, barchasi «click» orqali bo’ladi;
— hajm jihatdan unchalik katta emas;
— bir paytning o’zida bir necha plaginlarni ishlatish mumkin.
Endi kamchiliklarini sanab o’taman:
— ba’zi plaginlar bir-biri bilan chiqishaolmaydi;
— plaginlarni doimiy tarzda yangilab(Update) qilib borish kerak;
— sayt ishlashini biroz sekinlashtirishi mumkin.
Umuman olganda foyda tomonlari ham zarar tomonlari ham yetarlicha, shuning uchun faqat eng kerakli plaginlarni ishlatish lozim, qolgan qo’shimcha ishlarni kod orqali bajarishga harakat qilish kerak.
WordPress qo’yildi, saytga mos tema topildi, endi navbat plaginlarga keldi. Plaginlar sayt mavzusi, berilgan topshiriq asosida tanlanadi.
Shunday bo’lishiga qaramasdan, qanday sayt bo’lishidan qat’iy nazar ba’zi plaginlarni har doim o’rnatishni tavsiya qilaman. bular unchalik ko’p emas, lekin foydasi katta. Meni fikrim bo’yicha, barcha saytlarda quyidagi plaginlar bo’lishi kerak, yoki ularning alternativ variantlari.
— Rus-To-Lat. URL adreslarda uchragan kiril harflarini avtomat lotin harflariga o’zgartirib beradi.
— Akismet. Spamlardan himoya qilish uchun plagin(WordPress bilan birga bo’ladi).
— All in One Seo — Seo uchun foydali plagin.
— Login LockDown — admin panelni himoya qilish uchun plagin.
— Wp-Mail-SMTP — pochta hizmatini smtp orqali jo’natish, agar xostingda mail() funksiyasi o’chirilgan bo’lsa.
Yuqoridagi plaginlarni o’rnatishni faqat tavsiya qilaman, bu meni fikrim, majbur degani emas.
WordPress plaginlarni https://ru.wordpress.org/plugins/ adresdan bepul olishingiz mumkin. Bu saytda mavjud bo’lmagan, dasturchilar tomonidan yaratilgan plaginlar ham bor. Bunday plaginlar pullik bo’lishi ham mumkin. Shuni aytishim mumkinki, murakkablik darajasi yuqori bo’lgan saytlar yaratish uchun, yuqoridagi adresdagi plaginlar yetarli bo’ladi.
Yana bir narsa, boshqa CMS’dagi plaginlar Worpdress’ga tushmaydi, shu bilan birga WordPress plaginlari ham boshqa CMS’larga tushmaydi.
Keyingi darslarimizda, plaginlarni o’rnatish va sozlashlari ko’rsatib o’taman, ishni tavsiya qilgan plaginlarni o’rnatishdan boshlaymiz.
